Menyu
logo

Zamburug‘li kasallik haqida

Molochnitsa (vaginal kandidoz) – ayollar jinsiy a’zolarining keng tarqalgan kasalligidir. Ko‘pgina ayollarga molochnitsaning yoqimsiz belgilari tanish: tvorogsimon yoki quyuq qaymoqsimon oq rangdagi ajralmalar (shuning uchun ham bu kasallik "molochnitsa" deb ataladi), qin sohasidagi qichishish, achishish va noqulaylik hissi.

Molochnitsaning ilmiy nomi – vaginal kandidoz (bu yoqimsiz belgilarni keltirib chiqaruvchi Candida turkumiga mansub mikroskopik zamburug‘ning lotincha nomidan olingan).

Vaginal kandidoz jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklar sirasiga kirmaydi.

Candida zamburug‘larining oz miqdori doimiy ravishda ayol organizmida (terida, og‘iz bo‘shlig‘ida, ichakda va jinsiy yo‘llarda) mavjud bo‘ladi. Biroq kandidoz kasalligi har doim ham rivojlanavermaydi – odatda u turli qo‘zg‘atuvchi omillar ta’sirida ushbu zamburug‘larning keskin ko‘payib ketishi va qinning normal mikroflorasini siqib chiqarishi natijasida yuzaga keladi.

logo

Molochnitsa yuzaga kelishiga yordam beruvchi ehtimoliy omillar:

  • antibiotiklar, og‘iz orqali qabul qilinadigan kontratseptivlar, kortikosteroidlar, tsitostatiklarni qabul qilish;
  • organizmning himoya qobiliyatini zaiflashtiradigan kasalliklar (endokrin, o‘tkir va surunkali respirator kasalliklar, jarohatlar, operatsiyalar va h.k.);
  • gigiyenik omillar (sintetik matodan tayyorlangan ichki kiyimlar, tor kiyimlar (jinlar, stringlar) kiyish, gigiyenik prokladkalardan foydalanish, gigiyenaga rioya qilmaslik);
  • issiq iqlim va oraliq sohasida issiq hamda nam muhit paydo bo‘lishiga yordam beruvchi har qanday omillar;
  • chekish, kuchli stresslar, allergik reaksiyalarga moyillik.
logo

Molochnitsaning belgilari qanday?

Odatda, ayollarda molochnitsaning quyidagi belgilari kuzatiladi:

  • oraliq sohasida achishish va qichishish;
  • qindan oq rangli, tvorogsimon ajralmalar kelishi;
  • qin va vulva sohasida qizarish hamda shish;
  • jinsiy aloqa va peshob chiqarish paytidagi og‘riqlardan shikoyatlar.

Kasallikning takrorlanish chastotasiga ko‘ra o‘tkir (yiliga 1–3 marta yoki undan kam) va retsidivlanuvchi (yiliga 4 marta va undan ko‘p) vulvovaginal kandidoz turlari farqlanadi.

Molochnitsani davolash kerakmi?

Albatta, davolash kerak! Zero, davolash choralari ko‘rilmasa, bu kasallik hayot sifatini sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Bundan tashqari, o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolangan vaginal kandidoz molochnitsaning qaytalanishi (retsidivlari) oldini oladi.

Shuni yodda tutish kerakki, molochnitsa belgilari siydik-tanosil tizimining boshqa ba’zi kasalliklari belgilariga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Davolanishni boshlashdan avval sizda aynan molochnitsa ekanligiga 100% ishonch hosil qilish juda muhimdir. To‘g‘ri tashxisni faqat shifokor qo‘yishi mumkin, shuning uchun kasallik belgilari paydo bo‘lganda, diagnostik tekshiruvdan o‘tish va shikoyatlaringizning asl sababini aniqlash uchun albatta ginekologingizga murojaat qiling.