Vaginal kandidoz (molochnitsa) reproduktiv yoshdagi ayollar o‘rtasida eng ko‘p tarqalgan urogenital kasalliklardan biri hisoblanadi.
Vaginal kandidozning quyidagi shakllari farqlanadi:
- kandidoz tashuvchanlik
- o‘tkir kandidoz
- surunkali kandidoz – qaytalanuvchi (retsidivlanuvchi) va persistirlovchi.
So‘nggi yillarda tadqiqotchilar e’tiborini vulvovaginal kandidozning surunkali qaytalanuvchi kechishi muammosi tobora ko‘proq jalb qilmoqda. Bir yil davomida ushbu kasallikning to‘rt yoki undan ortiq klinik yaqqol namoyon bo‘lgan epizodlari qayd etilgan hollarda surunkali qaytalanuvchi vaginal kandidoz (SQVK) tashhisi qo‘yiladi. Bundan tashqari, SQVK bilan og‘rigan ayollarning 50 foizida kasallik belgilari kandidozli vaginit epizodi muvaffaqiyatli davolanganidan keyin bir necha kundan 3 oygacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yana paydo bo‘lishi aniqlangan.
Ko‘plab kuzatuvlar retsidivlarning (qaytalanishlarning) asosiy sabablarini aniqlash imkonini berdi.
Birinchi navbatda bular:
- qinning to‘liq sanatsiya qilinmaganligi (diagnostikadagi xatoliklar, patogen floraning to‘liq nazorat qilinmasligi, antifungal preparatning noto‘g‘ri tanlanishi);
- davolanishga amal qilish darajasining pastligi (bemor uzoq davolanish kursi, preparatni ko‘p marta qo‘llash zarurati, dori shaklining noqulayligi va h.k. sababli shifokor buyurgan sxemaga rioya qilmaydi);
- noto‘g‘ri antimikrob terapiya natijasida yuzaga kelgan asorat sifatida qin disbakteriozi.
Vulvovaginal kandidoz retsidivlarining sabablari haqidagi yangi ma’lumotlar so‘nggi o‘n yilliklarda uning davolash usullariga o‘rnatilib qolgan yondashuvlarga o‘zgartirishlar kiritdi. Qiyosiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mahalliy ta’sir ko‘rsatadigan antifungal preparatlarni (kremlar, vaginal tabletkalar va shamchalar) qo‘llash kasallikning qaytalanish sonini kamaytirishga yordam bermaydi. Ko‘pgina bemorlar mahalliy terapiyani yoqimsiz muolaja deb hisoblaydilar va davolanishni muddatidan oldin to‘xtatadilar.
Umuman kandidozni va xususan vaginal kandidozni davolashning eng zamonaviy usuli tizimli antifungal vositalarni qo‘llashdir. Flyukonazol o‘ta yuqori xavfsizlik profiliga ega bo‘lib, bu surunkali qaytalanuvchi vaginal kandidozda preparatning dozasini va davolash davomiyligini oshirish imkonini beradi.